Мақола

Vaqt

U olam sarvari yaratgan ibtido va mangulik mo’jizasidir. O’zi cheksiz ammo, cheklovlari bor, u mangu davom etadiyu umr ko’rinishidagi qisqa shaklga ega. Senga uning onlarga bo’laklangan hamda o’lchangan bir bo’lagigina nasib etadi. O’zi bir o’lchamli- yu lekin o’lchovi bisyor. Lahzani o’lchash mezoni nima? Gohida lahzalar yillar zalvoriga ega bo’ladi goho, g’aflat tumani aro qolib yillar to’fonini sezmaymiz.Kunlar sekin, yillar tez o’tadi.
Vaqt umrimiz mezbonidir kelib – ketguvchi, biz esa mezbonimiz uning charxpalagida, bir zum bo’lsada mehmonu- mezbonlik udumi buzilmagay. Bizning kutguligimizga yarasha tutqulik sovg’asi bo’ladi, tashvishu g’avg’osi han yo’q emas. Biz uning kelishini intiqib kutamiz, ba’zan tez o’tib ketishidan og’rinamiz, ba’zida sekin bo’lsada o’tishini xohlamaymiz. Gohida bir zum zulmi qalbimizni qaqhsatsada ko’klarga olib chiqguvchi ne-ne daqiqalari ham borku deb o’zimizni ovutamiz. Vaqtdan nafratlansangda u qalbing jarohatini davolaydi.

U o’zi yurar uzluksiz zinaga o’xshaydi, sakrab o’tolmaysan, lahzalar o’rnini almashlab bolmas, o’z vaqti-soati bilan qadam ba-qadam yurishga majbursan, bosilgan iz o’tmishga aylanadi. Zinadan ko’tarilmoqlik yoki tushmoqlikni anglash hammaga ham nasib etavermaydi. O’tgan kundan ibrat olib, bugunning mazmunini yaratib va ertaning farog’atiga erishish ma’lum ma’noda o’zingga ham bog’liq.

U o’tkinchi davru-davron, ortiga boqolmaydi, qaytolmaydi ham biroq, takroriyligi muqarrar, kunlar, oylar, fasllar yillar asrlarga qo’l tutadi. Zamonning bisotida o’tmishi, hoziri, kelajagi borligi ayni haqiqat demakki, har borliqning o’ziga xos bisoti bor. Shamol yeli sirtingdan siypab o’tsa, vaqt esa sening vujuding, ruhing, onging orqali sizib o’tadi va albatta o»z naqshini qoldiradi. U o’zi daryodagi suv kabi oqayotib istasang, istamasang shaksiz seni domiga tortadi, kimdir po’rtanaga, kimdir dovulga duch kelishi tayin. Bir umr hayot oqimida suza olish san’atini o’rganib yashaysan. Hayotning o’zidan dars olasan, bu darsning tanaffusi ham, ta’tili ham yo’q, ammo qalbingda bong urguvchi qo’ng’irog’i borki, Haq sinovlari haqida ogohlantirib turadi. Bu qo’niroq tovushiga kimdir umuman e’tibor bermaydi, xushyor tortmaydi, xatolari gunohlarga burkanib ulkanlashaveradi, oqibat bu yuk uni tubanlikka tortadi. Komil inson esa bu olamda haqqa erishish yo’lida duch keladigan alomatlarni o’z muddatida inobatga olib yashay oladi. Vaqt suratiga, maromiga moslashish oqilona ish ekanligini tushinish ham bir baxt.

Vaqt koinotning chilviri bo’lib, borliqning bog’liqlik mohiyatini hosil qilguvchidir. Uning mo’yqalami bor, o’tgan daqiqalar ajriga sochlarni oqqa bo’yaydi, yuzlarga ajinli chizgilar chizadi. Vaqt dunyo uchun yoshligu keksalikni belgilaydi ammo, uning o’ziga nisbat yo’q, garchi o’tishi nisbiydir, ya’ni bu olamda har kim va har narsa uchun har xil kechgandek tuyuladi. Kunning tongi subhidami borki ertayu-kechda o’rin almashish bilan ovvora, tun kundan bekinayotgandek go’yo. Yerning vaqti Quyoshga, oyu yulduzlarga, somon yo’liga termulish bilan o’tadi. Uning qo’l soatida mikrosekundning ulushlaridan tortib astronomik yillar izhori mujassam. Yer biror bir yulduzga nisbatan to’la aylansa yulduz sutkasi, o’z o’qi atrofida Quyoshga nisbatan to’la aylanib chiqsa quyosh sutkasi hosil bo’ladi. Biz yil davomida oylar tizimini sanar ekanmiz qadimgi rimliklarning afsonaviy xudolari shuningdek, rim imperatorlari nomlarini beixtiyor yod etishimiz haqida o’ylab ham ko’rmaymiz. Aprel oyida esa har kuni “aperire” “ochilish”ya’ni “uyg’onish” so’zini takrorlab tabiatning yashnashini qutlaymiz. Musulmonlar osmonda yangi oy ko’rinishiga qarab muharram, safar, Rabi-ul-avval, Rabi-us- soni, Jumadal-ulya, Jumadal-oxira, Rajab, Sha’bon Ramadon, Shavval, Zul-qa’da va Zul-hijja oylarini hisoblaydilar. Hamal, savr, javzo, saraton, asad, sunbula, mezon, aqrab, qavs, jaddi, dalv, hut- bular quyosh- hijriy taqvimidagi oylar bo’lib, shu nomdagi yulduz turkumlariga qarab munajjimlar bashorat qiladilar, ya’ni tabiat qonuniyatlaridan mos xususiyatlarni saralaydilar. Vaqt yorulik soyasida chopganida vajohati o’zgarib, narsalarning shakliyu o’lchamini ham o’zgartira olishi hayratlanarli. Bizning hayotimizda vaqt bir maromda oqsada vaqtim ziq deymiz, vaqt zichlasharmikan? Sekundu minutlarning kechishi tartibsizlikka yo’rilgandek tuyuladi, ba’zan vaqtni his qilsakda va ba’zan o’tishini sezmay qolsakda, asrlaru eralar esa tartiblilikning namoyon bo’lishidir.

Har holda sen unga omonat bo’lganingdek u ham senga omonatdir. Uni to’xtata olmaysan, ushlab ham qololmaysan, faqat mo’ljallab qo’yilgan muchallarni yashaysan xolos, uning g’animatligi ham shundadir. Uning o’zi ham muhlat ichra mutelik timsolidir balki. Har qancha yolvorsang ham xayr- xo’sh dema o’z kengliklariga singib ketaveradi, bilgilki uning osmoniga sen sig’maysan, seni o’z uying bo’lmish Yer bag’rida abadiyat uyqusida qoldirib ketadi. Foniy dunyoni vaqtdan ayri tasavvur qilish mumkin emasligi, ya’ni makon va zamonning mutanosibligi ma’lum esada baqo olamida vaqtning siyrati to’la namoyon bo’larmikan? Moziyga chinakam qaytmoqlik imkoni mavjudmi, bo’lg’usi kelajakka sayohat xayoliy orzumi?!

Muslima Yodgorova

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x