
Yangi yil
Bolajonlar uchun she’rlar
Soqolingiz oq-oppoq,
Boshingizda bor qalpoq.
O‘rmonlar yo‘li yiroq,
Chanada uching tezroq.
Qorbobojon, Qorbobo,
Kela qoling, marhabo.
Qo‘lingizda juft qo‘lqob,
Sovg‘alar tanlab qop-qop,
Ulashasiz ko‘p kitob,
Ziyo sochar naq oftob.
Qorbobojon, Qorbobo,
Aziz mehmon, marhabo.
Archaga osdik sharlar,
Yulduzcha yonib porlar.
Aytamiz jo‘shib she’rlar,
Davramiz sizni chorlar
Qorbobojon, Qorbobo,
Kela qoling, marhabo.
Qorbo‘ronga imkon bor,
Yog‘aversa oppoq qor.
Uchmoqqa chang‘i tayyor,
Quvnaymiz o‘ynab takror.
Qorbobojon, Qorbobo,
O‘lkamizga marhabo.
*****
Yana yangi yil kelib,
Bezatdik archamizni.
Kuyladik ijro etib,
Qo‘shiqdan parchamizni.
Taqdik chiroyli qilib,
O‘yinchoq sharchamizni.
Qorbobo sovg‘a berib,
Quvnatdi barchamizni.
*****
Yog‘avergin oppoq qorim,
Yayraylik biz chang‘i uchib.
Bulut to‘kkan tiniq qorim,
G‘arch-g‘urch yursak ketma cho‘chib.
Qish fasliga inoq qorim,
Chimchilaydi sovuq ayoz.
Erib ketma momiq qorim,
She’r bitilgan oppoq qog‘oz.
Muslima Hamroz
9.12.2022 йил

